Written by: Ubaidullah Abdullah Yuf
Chief Imam Khatib of Fergana Province
Misr ko‘hna diyor, buyuk tarix va g‘oyalar orasidagi kurashlarga shohid eng qadimiy ibrat sahnasidir. Ushbu zamin haqida Qur’oni karimdagi oyatlarda ham ishora kelgan.
O‘zbekiston va Misr o‘rtasidagi do‘stona hamkorlik ko‘p asrlik boy tarixga ega. Movarounnahr va Misr diyorida yashab ijod qilgan ulug‘ bobokalonlarimizning noyob ilmiy-ma’rifiy merosi butun musulmon olami bebaho boyligi hisoblanadi.
So‘nggi yillarda ham O‘zbekiston va Misr o‘rtasida ko‘p tomonlama aloqalar jadal rivojlanmoqda. Bu borada ikki davlat rahbarlari – Prezident Shavkat Mirziyoyev hamda Prezident Abdulfattoh as-Sisiy tomonidan olib borilayotgan hamkorlik strategiyasi muhim o‘rin tutmoqda. O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamda Misrdagi qator oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot markazlari o‘rtasidagi hamkorlik muntazamlik kasb etgani ham e’tiborlidir. Ayniqsa, Ta’lim, fan va madaniyat bo‘yicha islom tashkiloti – ICESCO bilan do‘stona munosabatlar rivojlanib bormoqda.
Mana shunday hamkorlikning uzviy davomi sifatida 2022 yil 6-10 iyun kunlari Misrda o‘tkazilgan “Diniy ekstremizm. Intellektual asos va uni yengish strategiyasi” mavzusidagi xalqaro anjumanda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ishtirok etdi. Nufuzli anjumanda shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ham so‘zga chiqib, bugungi davrda yurtimiz allomalari merosining amaliy ahamiyati, ahli sunna val jamoa aqidasini musulmonlar orasida sof holda targ‘ib etish, yot g‘oyalarga qarshi kurashda birlashish, xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirib, ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyatini muvofiqlashtirish, ularni yagona maqsad sari yo‘naltirish zarurligi to‘g‘risida takliflar berdi. Bu anjuman ishtirokchilari tomonidan yuqori baholandi va ehtirom bilan qabul qilindi.
Bundan tashqari Misrdagi Dorul Ifto va O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi Fatvo markazi o‘rtasida hamkorlik o‘rnatish, diniy soha mutaxassislari malakasini oshirish, o‘zaro tajriba almashish hamda dolzarb mavzularda zamonaviy fatvolar ishlab chiqish yuzasidan muhokamalar o‘tkazilgan bo‘lib, hozirda bu borada amaliy jarayonlar boshlab yuborilgan.
Ilm va hikmat gulshani bo‘lgan bu yurtda ming yildan ziyod tarixga ega Azhari sharif dorulfununi musulmon dunyosiga yirik ulamolarni yetishtirib berishi bilan ma’lumu mashhur. Ayni damda ham Al-Azhar musulmon olamidagi eng obro‘li ta’lim dargohlaridan biridir.
Misrning faxri, islom olamining ilmiy markazlaridan biri – bir ming ikki yuz ellik yilga yaqin tarixga ega bo‘lgan Al-Azhar majmuasi jahondagi ham diniy, ham dunyoviy yo‘nalishlar borasidagi yetakchi oliy ta’lim muassasa hisoblanadi.
Tarixga nazar soladigan bo‘lsak dastlab, mazkur universitet Fotimiylar davrida Al-Azhar masjidi qoshidagi madrasa sifatida tashkil etilgan. Qohira shahri geografik jihatdan Osiyo va Afrika mintaqasining chorrahasida joylashganligi bois Al-Azharga ko‘plab horijiy mamlakatlar talabalari ham ilm talabida tashrif buyurgan.
Asrlar davomida turli sinovlarni boshdan kechirgan mazkur dargoh XIX asrning oxirga kelib, o‘quv tizimida zamon talablariga muvofiq takomillashtirish ishlari amalga oshirilishi natijasida Al-Azhar universitet maqomini olgan.
1932 yildan boshlab o‘qish asosan uch yo‘nalishda olib boriladi. Bular: “arab tili, ilohiyot va shariat” fakultetlaridir. Bu fakultetlar Al-Azhar masjidi yaqinida joylashtirilgan. Bundan tashqari u yerda bolalar uchun boshlang‘ich ta’lim maktabi ham bo‘lgan.
1961 yili “Al-Azharni rivojlantirish qonunlari”ga ko‘ra unga tibbiyot, qishloq xo‘jaliga va yana boshqa fakultetlar ham qo‘shiladi. Shundan so‘ng ularning soni to‘qqiztaga yetadi. Usul, shariat, adabiyot fakulteti, ma’muriy boshqarma va savdo, politexnika, qishloq xo‘jaligi, tibbiyot, pedagogika, ayollar fakultetlari shular jumlasidandir.
Al-Azhar universitetida 20 mingdan ziyod noyob qo‘lyozma va toshbosma asarlar mavjud. Ulardan Islom akademiyalari, tadqiqot markazlari, Islom institutlari va ta’lim muassasalari foydalanishadi. Al-Azhar universiteti o‘z nashriyotiga ega. Undan talabalar uchun o‘quv qo‘llanmalari, kitoblar va jurnallar nashr etiladi.
Hozirga kelib Al-Azhar universitetida yetmish yettita fakultet mavjud. Bundan tashqari Al-Azhar universitetida ingliz tilida yuz ballik ta’lim ham joriy qilingan. Al-Azhar universitetining diplomi xalqaro diplom sanalib, dunyoning ko‘plab mamlakatlarida tan olinadi.
Yurtimizning ko‘plab ulamo va ahli ilmlarining ham Al-Azhar universitetida tahsil olib, dinimiz yo‘lida xizmat qilayotgani e’tiborga molikdir. O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasini 1982-1989 yillarda boshqargan Shamsuddinxon Boboxonov ham mazkur dargohda tahsil olgan. Qolaversa, farg‘onalik Abdusattor Nurmatov – Marg‘ilon shahar “Poshshoxo‘ja Eshonbuva” masjidi imom-xatibi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi Fatvo markazi mutaxassisi Abduvohid Ahmadaliyev hamda avvalda “Sarmazor” masjidi imom-noibi vazifasida xizmat qilgan, hozirda esa turizm agentligida faoliyat olib borayotgan Xayrulloh Karimovlar ham aynan mazkur dargohda ta’lim va malaka hosil qilib, xalqimizga xizmat qilmoqdalar. Shuningdek, yana bir farg‘onalik Normatov Rahmatillo Sobirjon o‘g‘li hozirda Al-Azhar universitetining talabalaridan bo‘lib, qiroat va shariat ilmlari bo‘yicha tahsil olmoqda.
Al-Azhar universiteti bugunlik kunda Islom va arab dunyosidagi eng katta ta’lim dargohi bo‘lib, u Misr Arab Respublikasining o‘ziga xos brendiga aylangan.